Xalqaro aloqalar

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Kommunal va mehnat gigiyenasi, ekologiya kafedrasida xorijiy mutaxassis Michael Samuel Brody ishtirokida o‘tkazilgan o‘quv-ilmiy tadbirlar bo‘yicha

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Kommunal va mehnat gigiyenasi, ekologiya kafedrasida 2026 yil 4–8 may kunlari AQSHning “Vashingtondagi Amerika Universiteti” professori, atrof-muhit fanlari bo‘yicha yetuk olim Michael Samuel Brody ishtirokida o‘quv, ilmiy-amaliy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Mazkur tashrif universitetda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish hamda professor-o‘qituvchilar, magistrlar va talabalarning zamonaviy ekologik bilimlarini mustahkamlash maqsadida amalga oshirildi.

Tashrifning birinchi kuni professor Michael S. Brody kafedra professor-o‘qituvchilari bilan tanishdi hamda Ekologiya va atrof-muhit yo‘nalishi 1, 2, 3 kurs talabalariga “Iqlim o‘zgarishining inson salomatligi va ekologiyaga ta’siri” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Ma’ruzada global iqlim o‘zgarishlarining aholi salomatligiga salbiy ta’siri, atmosfera ifloslanishi, issiqxona gazlari, ekologik xavfsizlik va zamonaviy ekologik muammolar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, “Atmosfera ifloslanishini kamaytirish: siyosat va qonunchilik” mavzusidagi ma’ruza tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kun davomida global isish, antropogen omillar hamda energiya balansidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan muhokamalar va davra suhbati tashkil etildi.

2026 yil 5 may kuni Ekologiya va atrof-muhit yo‘nalishi 1, 2, 3 kurs talabalariga “Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha ilmiy kommunikatsiya va jamoat xabardorligini oshirish strategiyalari” mavzusida muhokama tashkil qilindi. Unda ekologik madaniyatni shakllantirish, aholi o‘rtasida ekologik savodxonlikni oshirish hamda ekologik muammolar yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, “Atmosfera ifloslanishini kamaytirish: texnologiya va siyosat” mavzusidagi ma’ruza davomida zamonaviy texnologiyalar, yashil iqtisodiyot tamoyillari va ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Kunning ikkinchi yarmida global isishning Markaziy Osiyo va O‘zbekiston hududlariga ta’siri bo‘yicha ilmiy muhokamalar o‘tkazildi.

2026 yil 6 may kuni Ekologiya va atrof-muhit yo‘nalishi 1, 2, 3 kurs talabalariga Suv ekologiyasiga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar tashkil etildi. Professor tomonidan “O‘rta Osiyo mintaqasida suv ekologiyasi” hamda “Suv sifatini yaxshilashning zamonaviy usullari” mavzularida ma’ruzalar o‘qildi. Ushbu ma’ruzalarda suv resurslaridan oqilona foydalanish, ichimlik suvi sifatini nazorat qilish, suv ifloslanishining oldini olish hamda ekologik monitoringning zamonaviy usullari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida suv muammolarini bartaraf etish va suv xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

2026 yil 7 may kuni Ekologiya va atrof-muhit yo‘nalishi 1, 2, 3 kurs talabalariga “Iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi va suv resurslariga ta’siri” mavzusida ma’ruza tashkil etildi. Ma’ruzada iqlim o‘zgarishlarining qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga ta’siri, suv tanqisligi muammosi hamda ekologik barqarorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, “Xalqaro iqlim siyosati va Paris kelishuvining ahamiyati” mavzusida muhokama o‘tkazilib, xalqaro ekologik hamkorlikning dolzarb jihatlari yoritildi. Kunning davomida transport va sanoat korxonalarining atmosfera ifloslanishidagi ulushi hamda ekologik xavflarni kamaytirish yo‘llari yuzasidan fikr almashildi.

2026 yil 8 may kuni Ekologiya va atrof-muhit yo‘nalishi 1, 2, 3 kurs talabalariga “Milliy va xalqaro ekologik konsepsiyalar va barqaror rivojlanish maqsadlari o‘rtasidagi bog‘liqlik” mavzusidagi ma’ruza o‘qildi. Bundan tashqari, biologik xilma-xillikni saqlash va muhofaza qilishning ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro strategiyalar va ekologik konsepsiyalar bo‘yicha davra suhbati tashkil qilindi. Kun yakunida “Barqaror rivojlanish bugungi kunda ekologiya, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash va jamiyat rivojining eng muhim strategik yo‘nalishlarini o‘rganishning metodologik asoslari” mavzusida master-klass o‘tkazildi.

Mazkur xalqaro hamkorlik doirasida tashkil etilgan tadbirlar professor-o‘qituvchilar, magistrlar, ordinatorlar hamda talabalar uchun katta ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etdi. Tadbirlar davomida zamonaviy ekologik muammolar, global iqlim o‘zgarishlari, atrof-muhit muhofazasi va sog‘liqni saqlash tizimidagi dolzarb masalalar bo‘yicha bilim va tajriba almashildi. Ushbu tashrif universitetda xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash, ekologiya va gigiyena yo‘nalishidagi ilmiy salohiyatni oshirish hamda zamonaviy ekologik ta’limni rivojlantirishda muhim o‘rin tutdi.

 


 

2026-yil 16-dekabr kuni Kommunal va mehnat gigiyenasi,ekologiya kafedrasi tomonidan Kazan davlat tibbiyot universiteti professori Fatxutdinova Liliya Minvagizovna bilan birgalikda “Asabiy-emotsional zo‘riqishlarning xodimlar salomatligiga ta’siri” mavzusida vebinar tashkillashtirildi